Sistit diagnostikasi: qanday tahlillar topshirish zarur
Sistit – bu, asosan, ayollarni zararlovchi, juda noxush va hiylakor kasallikdir. Ayollarning qariyb 30 foizi hayotida kamida bir marta ushbu kasallikni boshdan kechirgan, 10 foiz hollarda esa u surunkali shaklga o‘tadi.
Kasallikning asosiy qo‘zg‘atuvchilari bakteriyalar bo‘lib, uni davolash uchun odatda antibiotiklar qo‘llaniladi. Shu sababli to‘g‘ri va o‘z vaqtida tashxis qo‘yish juda muhimdir.
Kasallik haqida qisqacha
Sistit – bu siydik pufagining shilliq qavati yallig‘lanishi. Kasallikning bir nechta turlari mavjud bo‘lib, u turli sabablarga ko‘ra yuzaga keladi. Shunga qaramay, ayollarda o'tkir tsistit deyarli bir xil klinik manzaraga ega bo‘lganligi sababli, odatda shifokorlar tashxis qo‘yishda qiyinchilikka duch kelmaydi.
Bemorlarda quyidagi alomatlar kuzatiladi:
• siydik ajratishda og‘riq va achishish hissi;
• siydik pufagini bo‘shatgandan keyin ham uning to‘la qolganiga o‘xshash his;
• siydikda qon aralashmasi;
• qorin pastida og‘riq va noqulaylik;
• siydikning hidi va rangining o‘zgarishi.
Odatda tana harorati me’yorda qoladi va umumiy ahvol qoniqarli bo‘ladi. Sistit juda tez rivojlanadi – ba’zida bir necha soat ichida, ba’zida esa 1–2 kun ichida. Shuning uchun muvaffaqiyatli davolash uchun imkon qadar erta tashxis qo‘yish zarur.
Ayollarda sistitni tashxislash
Yuqoridagi simptomlar sistitdan gumon qilishga asos bo‘ladi. Agar ulardan hech bo‘lmaganda bir nechtasi mavjud bo‘lsa, darhol terapevtga murojaat qilish lozim. Terapevt kasallik sistitga o‘xshashligini aniqlaydi va kerak bo‘lsa, urolog yoki ginekolog ko‘rigiga yo‘llaydi. Chunki ayrim jinsiy a’zolar bilan bog‘liq kasalliklar ham sistitga o‘xshash simptomlarga ega bo‘lishi mumkin.
Shifokor nafaqat hozirgi shikoyatlar, balki ilgari o‘tkazilgan yoki surunkali kasalliklar, shuningdek, yaqin qarindoshlar salomatligi haqida ham savollar beradi. Bu bemorning umumiy ahvolini, organizmining imkoniyatlarini tushunishga va individual yondashuv asosida davolash tayinlashga yordam beradi.
Agar sistit asoratsiz bo‘lsa, ya’ni birinchi marta yoki bir necha yildan so‘ng yana yuzaga kelgan bo‘lsa, bemorning ahvoli qoniqarli bo‘lib, tana harorati me’yorda bo‘lsa, shifokor darhol antibiotikoterapiyani boshlashi mumkin.
Davolashda odatda bakteriyalarni yo‘q qilish uchun antibiotiklar, simptomlarni yengillashtirish va kasallik muddatini qisqartirish uchun esa simptomatik terapiya buyuriladi. Vaqtida boshlangan davolash bakteriyalarning ko‘payib, boshqa a’zolarga o‘tib ketishining oldini oladi.
Antibiotik bilan birga, ko‘plab shifokorlar o‘simlik asosidagi Kanefron® N dori vositasini buyuradilar. Bu vosita sistitni kompleks davolashda samarali hisoblanadi va antibiotiklarning ta’sirini kuchaytiradi. Kanefron® N siydik chiqarishdagi og‘riq va achishishni kamaytiradi, yallig‘lanishni bartaraf qiladi va siydik ajratilishini me’yorga soladi.
Ushbu dori 1 yoshdan katta bolalarga ham qo‘llash uchun ruxsat etilgan. Kanefron® N ichish uchun tomchi va tabletkalar shaklida mavjud.
Agar shifokor bemorning sog‘lig‘i haqida shubhalarga ega bo‘lsa, u holda qo‘shimcha laborator va instrumental tekshiruvlar buyurilishi mumkin. Sistit uchun instrumental tekshiruvlar ofatda shart emas, ammo shifokor qaroriga ko‘ra belgilanishi mumkin:
• Buyrak va siydik pufagi UTT (ultratovush tekshiruvi);
• Sistoskopiya;
• Urofloumetriya.
UTT – xavfsiz va oson qo‘llaniladigan metod bo‘lib, ko‘p hollarda tanlanadi. Sistoskopiya esa invaziv va noqulay usul bo‘lganligi sababli faqat zarurat tug‘ilgandagina qo‘llaniladi.
Bu metod siydik pufagiga maxsus kamera bilan ta’minlangan naycha (sistoskop) kiritish orqali amalga oshiriladi. Bu orqali ichki yuzalar to‘liq ko‘riladi va hatto to‘qima namunalari olish ham mumkin.
Urofloumetriya esa maxsus apparat – urofloumetr yordamida o‘tkaziladi. Ayol siydik chiqaradigan voronkaga siydik ajratadi va bu vaqtda maxsus datchiklar siydik chiqarish davomiyligi, tezligi va hajmini o‘lchaydi.
Sistitda tahlillar (analizlar) juda muhim rol o‘ynaydi va tezda topshirilishi mumkin. Ular orqali tashxisni ancha aniq qo‘yish mumkin.
Qanday tahlillar topshirilishi kerak
An’anaviy ravishda sistitni aniqlash uchun quyidagi tahlillarni topshirish tavsiya etiladi:
• umumiy siydik tahlili;
• Nechiporenko bo‘yicha siydik tahlili;
• siydikning bakteriologik ekin tahlili (bakposev);
• umumiy qon tahlili.
Umumiy siydik tahlili orqali siydik chiqarish tizimida yallig‘lanish bor yoki yo‘qligi va uning darajasi, bu jarayonga buyraklarning aralashuvi haqida xulosa qilish mumkin. Nechiporenko usuli siydikdagi elementlarni chuqurroq o‘rganish imkonini beradi va zarurat bo‘lsa, umumiy tahlildan so‘ng buyuriladi. Siydikning bakposevi esa bakteriya turini aniqlab, antibiotiklar bilan samarali davolashni tanlash imkonini beradi. Qon tahlili organizmda boshqa buzilishlar mavjudligini ko‘rsatadi.
Ayollarni ko‘p hollarda quyidagi savol qiziqtiradi: sistitda yana qanday tahlillar topshiriladi?
Shifokor bemorni jinsiy soha kasalliklarini istisno qilish uchun ginekologga yo‘naltirishi mumkin. Bunday holatda PZR (polimer zanjir reaktsiyasi) asosidagi surtma topshiriladi, bu jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklarni (JYYK) aniqlashga yordam beradi. Surtma olish uchun alohida tayyorgarlik zarur emas, hatto haddan ziyod gigiyenik choralar ham noto‘g‘ri bo‘lib, klinik manzarani buzishi mumkin.
Tahlilga tayyorgarlik
Tahlillarni topshirishga befarqlik bilan yondashish mumkin emas. Tahlil topshirish tartibiga amal qilinmasa, haqiqiy muammo aniqlanmasligi yoki aksincha, noto‘g‘ri ijobiy natija berilishi mumkin.
Masalan, siydikda qin ajralmalari yoki oqsil aralashmalari bo‘lishi mumkin. Agar siydik to‘g‘ri yig‘ilsa, bu hol buyrak muammosini bildiradi. Ammo yig‘ish qoidalari buzilgan bo‘lsa, bu tahlil natijalarini buzadi. Shu sababli, shifokorlar dastlabki yomon natijalarda qayta topshirishni tavsiya qiladi.
Sistitda siydik tahliliga tayyorgarlik oldindan boshlanadi va bu tayyorgarlik tahlil turiga bog‘liq emas. Tahlil topshirishdan bir kun oldin yorqin rangli sabzavot va mevalarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi, chunki ular siydik rangini o‘zgartirib, laboratoriya xodimlarini chalg‘itishi mumkin. Bundan tashqari, achchiq va yog‘li ovqatlardan ham saqlanish kerak.
Ayollarga hayz davrida tahlil topshirish tavsiya etilmaydi.
Siydikni to‘g‘ri vaqtda yig‘ish kerak. Shifokorlar birinchi ertalabki siydikning o‘rtacha qismi tahlil uchun eng mos ekanligini tavsiya qiladi. Idishni to‘ldirish shart emas – 30-50 ml yetarli. Idish mutlaqo toza bo‘lishi shart, shu sababli uni dorixonadan maxsus bir martalik konteyner sifatida sotib olish yoki tibbiyot muassasasidan olish tavsiya etiladi.
Gigiyenaga alohida e’tibor qaratilishi zarur. Tahlil oldidan qo‘llar va tashqi jinsiy a’zolarni yaxshilab yuvish kerak, lekin agressiv yuvish vositalaridan foydalanmaslik lozim.
Siydik yig‘ilgach, idishning qopqog‘i mahkam yopiladi, boshqa narsalarga tegilmaydi. Idishni paketga solish mumkin. Agar laboratoriya ochilishidan ancha oldin yig‘ilgan bo‘lsa, siydikni sovutgichga (muzlatgichga emas!) qo‘yish lozim. Ammo imkon qadar yig‘ilganidan keyin ikki soat ichida laboratoriyaga topshirish tavsiya etiladi.
Agar sistit simptomlari bilan qon tahlili buyurilgan bo‘lsa, u ertalab och qoringa topshirilganda informativ bo‘ladi. Tahlil oldidan kechasi ovqat yeyilmasligi kerak. Tahlil kuni ertalab choy yoki qahva ichish mumkin emas, biroq bir stakan suv ichish ruxsat etiladi.
Jismoniy faollik qon ko‘rsatkichlariga ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli tahlil topshirishdan bir kun oldin sport bilan shug‘ullanmaslik, ortiqcha zo‘riqmaslik lozim.
Agar ayol dori yoki vitaminlar qabul qilayotgan bo‘lsa, bu haqda shifokorni ogohlantirish zarur.
Spirtli ichimliklardan voz kechish, chekishdan saqlanish kerak.
Tahlil natijalarini talqin qilish
Ushbu bo‘lim faqat ma’lumot berish maqsadida yozilgan va o‘z-o‘ziga tashxis qo‘yish yoki dori vositalarini mustaqil belgilash uchun asos bo‘la olmaydi. Ayollarda sistit tashxisini faqatgina tahlil natijalariga asoslanib aniqlash mumkin emas – shifokor umumiy klinik manzara asosida tashxis qo‘yadi.
Umumiy qon tahlili, albatta, sistitni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatmaydi, lekin organizmda yallig‘lanish jarayoni mavjudligini ko‘rsatishi mumkin. Muhim ko‘rsatkichlar quyidagilardir:
• leykotsitlar;
• trombotsitlar;
• eritrotsitlar;
• eritrotsitlarning cho‘kish tezligi (EChT yoki SOE).
Ushbu ko‘rsatkichlarning ortishi yallig‘lanish jarayonini bildiradi. Pasaygan ko‘rsatkichlar esa boshqa patologiyalarni ko‘rsatishi mumkin.
Umumiy siydik tahlili esa yanada informativ bo‘lib, sistit bor yoki yo‘qligini aniqlash imkonini beradi. Bundan tashqari, boshqa kasalliklar aniqlanishi ham mumkin.
Eng avvalo siydikning rangi va tiniqligi baholanadi. Normal siydik och sariq yoki somon rangda va tiniq bo‘ladi. Agar tahlilda sarg‘ish, jigar rang yoki boshqa rang aniqlansa, bu sistit va siydik chiqarish tizimi faoliyatidagi buzilishlarni bildiradi.
Ayollarda sistitda muhim ko‘rsatkichlardan biri siydikdagi oqsil miqdoridir. Bu buyraklar patologiyasi mavjudligini ko‘rsatadi. Sog‘lom insonda siydikda oqsil bo‘lmaydi. Shuningdek, tahlilda glyukoza bo‘lmasligi kerak – uni aniqlash diabet ehtimolini bildiradi.
Bilirubin uchun ham xuddi shunday aytish mumkin: agar u tahlilda aniqlansa, shifokor jigar faoliyatini tekshiradi.
Siydikning reaksiyasi normal holatda yengil kislotali bo‘lib, pH darajasi 5–7 bo‘lishi kerak.
Agar bu ko‘rsatkich 7 dan yuqori bo‘lsa, bu isitma, buyrak yetishmovchiligi va boshqa patologiyalarni bildiradi. Agar pH 5 dan past bo‘lsa, surunkali infeksiyalardan darak berishi mumkin. pH darajasining o‘zgarishi ba’zan noto‘g‘ri ovqatlanishni ham ko‘rsatadi.
Sistitda ayollarda siydik tahlilining yana bir muhim ko‘rsatkichi – leykotsitlar va eritrotsitlar soni. Ularning biri yoki ikkalasi birgalikda ko‘paygan bo‘lsa, bu yallig‘lanish jarayonining mavjudligidan, shuningdek, og‘ir kasalliklardan dalolat beradi.
Tahlil natijalari va klinik ko‘rinishga asoslanib, shifokor davolashni belgilaydi yoki qo‘shimcha tekshiruvga yuboradi. Agar antibiotiklar tayinlangan bo‘lsa, hech qanday holatda dori kursining davomiyligi yoki qabul rejimini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish mumkin emas. Bu “Kanefron N” preparatiga ham tegishli, garchi u holatda cheklovlar kamroq bo‘lsa ham.
Shifokordan Kanefron® N-ni sistitda qancha muddat qabul qilish kerakligini so‘rab olish zarur. Preparat kumulyativ (to‘planuvchi) ta’sirga ega bo‘lib, uzoq muddat qabul qilinsa, ta’siri kuchayadi va kasallikning qaytalanishining oldini oladi.
Adabiyotlar ro‘yxati
Трухан Д. И. Дифференциальный диагноз основных синдромов и симптомов при заболеваниях почек и мочевых путей. — М.: Практическая медицина, 2019. — 272 с.
Лоран О. Б., Синякова Л. А., Косова И. В. Рецидивирующие инфекции мочевых путей. Алгоритм диагностики и лечения: Пособие для врачей. — М.: ООО «Медицинское информационное агентство», 2008.
Акилов Ф. А., Арустамов Д. Л., Алиджанов Ж. Ф., Рахмонов О. М., Мирхамидов Д. Х. Вопросы дифференциальной диагностики и тактики лечения острого неосложненного цистита у женщин в условиях первичного врачебного звена // Вестник экстренной медицины. — 2011. — № 1. — С. 106–110.
