Ayollarda surunkali sistit: alomatlar va davolash

Xronik yoki qaytalanuvchi sistit holatlarning aksariyatida to‘liq davolanmagan o‘tkir sistit natijasida rivojlanadi. Bu holat siydik-tanosil yo‘llari infeksiyalari ichida eng ko‘p uchraydigan kasalliklardan biri bo‘lib, ayniqsa reproduktiv yoshdagi ayollar orasida keng tarqalgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tkir sistit bilan bir marta og‘rigan ayollarning 10% ida ushbu kasallik keyinchalik surunkali shaklga o‘tadi.

Surunkali sistit tashxisi quyidagi holatda qo‘yiladi: agar bir yil davomida uch martadan ortiq kasallik epizodlari kuzatilsa. Bunday hollarda bemor to‘liq diagnostik tekshiruvdan o‘tishi va jiddiy davolanishni boshlashi zarur.

Ayollar bu kasallikdan erkaklarga qaraganda ko‘proq aziyat chekishadi, bu esa ayollar siydik-tanosil tizimining tuzilishiga bog‘liq: siydik chiqarish kanalining tashqi teshigi qin va to‘g‘ri ichakka juda yaqin joylashgan bo‘ladi, shuningdek, ayollar uretrasi erkaknikiga nisbatan qisqaroq va kengroq, bu esa patogen mikroorganizmlarning siydik pufagiga erkin kirishiga imkon yaratadi.

Shu sababli ayollarda o‘tkir sistit holatlari ko‘proq uchraydi – har yili bu kasallikka chalinish darajasi 25–35% atrofida saqlanib turadi. Surunkali shakli haqida gap ketganda, erkaklarning ko‘pchiligi bunday holat haqida tasavvurga ham ega emas.

Surunkali sistitni urolog shifokor davolaydi, lekin terapevt yoki umumiy amaliyot shifokoriga murojaat qilish ham mumkin. Ginekologik ko‘rik esa majburiy hisoblanadi.

Surunkali sistitning sabablari

Qaytalanuvchi sistit infeksion va noinfeksion bo‘lishi mumkin. Tibbiyot amaliyotida holatlarning 90% dan ortig‘ida infeksion shakli uchraydi. Bu holda sistit sababi – patogen yoki shartli patogen mikroflora bo‘lib, ularning ko‘payishi yallig‘lanish jarayonini keltirib chiqaradi.

Bunday sistitlar mos ravishda spesifik va nospesifik deb ataladi va ularga nisbatan davolash yondashuvi farq qiladi.

Shartli patogen mikroflora bu doimiy ravishda organizm shilliq qavatlarida oz miqdorda mavjud bo‘lgan bakteriyalar va zamburug‘lardir. Tashqi va ichki omillar ta’sirida ular faol ko‘payib, yallig‘lanish chaqiradi. Nospesifik surunkali sistitga quyidagi mikroorganizmlar sabab bo‘lishi mumkin:
• ichak tayoqchasi;
• saprofit stafilokokk;
• klebsiyella;
• kandida turkumidagi zamburug‘lar.

Spesifik sistitlar odatda jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar sababli yuzaga keladi.

Patogen mikroorganizmlar siydik chiqaruv kanaliga va undan siydik pufagiga jinsiy aloqa orqali tushadi. Qaytalanuvchi sistit ko‘pincha ayollarda jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar bilan kechuvchi surunkali yallig‘lanishlar fonida paydo bo‘ladi.

Eng ko‘p uchraydigan infeksiyalar – xlamidiyalar, ureaplazma, gonoreya va boshqalar. Doimiy sistit faqatgina jinsiy aloqada himoya vositalaridan foydalanmaslik natijasi bo‘lmasdan, balki shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida ham rivojlanadi.

Noinfeksion sistitlar quyidagi holatlarda yuzaga keladi: gormonal fon o’zgarishi, ginekologik operatsiyalardan keyin, autoimmun kasalliklar fonida, nevrologik va boshqa fon kasalliklari mavjud bo‘lgan holatlarda.

Ba’zida ayrim dorilar ham siydik pufagi shilliq qavatini ta’sirlantirib, yallig‘lanishni keltirib chiqarishi mumkin. Siydik-tosh kasalligi ham siydik pufagi devoriga doimiy mexanik ta’sir ko‘rsatib, doimiy yallig‘lanishga olib keladi.

Surunkali sistitning juda kam uchraydigan sababi bu shistosomozdir – parazitar kasallik bo‘lib, siydik pufagi osti shilliq qavatiga chuqur kirib boruvchi gelmintlar sababli rivojlanadi.

Surunkali sistit quyidagi holatlarda rivojlanish xavfi yuqori bo‘ladi:

• Qandli diabet;
• Gipotireoz (qalqonsimon bez yetishmovchiligi);
• Sovuq qotish;
• Operatsiyalar yoki travmalar;
• Haddan tashqari charchash.

Shuningdek, zararli odatlar – chekish va spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish ham organizmning himoya kuchlarini pasaytiradi va sistitga olib kelishi mumkin.

Buyrak kasalliklari siydik chiqaruv tizimi holatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, bitta buyragi mavjud bo‘lgan ayollar siydik pufagi holatiga alohida e’tibor qaratishlari zarur.

Siydik pufagi leykoplakiyasi ham surunkali sistit rivojlanish xavfini oshiradi. Shifokorga murojaat qilganda sog‘liq holatini baholovchi kompleks va chuqur diagnostika o‘tkazilishi lozim.

Surunkali sistit alomatlari

Surunkali sistit belgilari ko‘pincha o‘tkir shakl alomatlariga o‘xshash bo‘ladi, biroq ular ko‘pincha kamroq intensiv bo‘ladi. Agar o‘tkir sistitda og‘riq kuchli va holdan toydiruvchi bo‘lsa, qolgan belgilar ham aniq namoyon bo‘lsa, surunkaliv shaklida simptomlar xiralashgan va boshqacha sezilishi mumkin.

Har bir insonda immunitet darajasi va mikroorganizmlarga sezuvchanlik darajasi turlicha bo‘lganligi sababli, surunkali sistit ayollarda turlicha kechadi. Siydik pufagi bilan bog‘liq muammolarga ishora qiluvchi hatto eng noaniq belgilar ham e’tibordan chetda qolmasligi lozim.

Odatda ko‘pchilik holatlarda pastki qorin sohasida va siydik chiqarish kanalida og‘riq seziladi.

Noxush holatlar siyish jarayonining boshida, oxirida yoki butun jarayon davomida yuzaga kelishi mumkin. Ba’zida hojatdan so‘ng ham og‘riq davom etadi – odatda bu tortuvchi xildagi og‘riq bo‘lib, chov sohasida seziladi.

Surunkali sistitning o‘ziga xos belgilaridan biri – siyishning tez-tez takrorlanishi, shu jumladan, kechasi hojatxonaga turib chiqish. Ba’zan hojat chaqiruvi to‘satdan va kuchli bo‘lib, bu ixtiyorsiz siydik sizib chiqishiga olib keladi. Siydikda qon aralashmasi bo‘lishi mumkin – bu holat gematuriya deb ataladi.

Klinik ko‘rinishlar yallig‘lanish jarayonining ifodalanish darajasiga bog‘liq. O‘rta og‘irlikdagi kechishda ular aniqroq bo‘ladi, yashirin, o‘chib boruvchi shakllarda esa deyarli yo‘qolgan bo‘ladi yoki jiddiy noqulaylik tug‘dirmaydi.

Og‘riqli siydik pufagi sindromi (interstitsial sistit)da siydik pufagi sohasida kuchli og‘riq, juda tez-tez siyish, ba’zida kuniga 100 martagacha hojatga chiqish ehtiyoji bo‘ladi. Bu holat siydik pufagi hajmining kamayishi, shuningdek, uning shilliq qavatlaridagi jiddiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Bunday chaqiruvlar paytida ajraladigan siydik hajmi juda kam – 15 ml.dan oshmaydi va hojatdan so‘ng faqat qisqa muddatli yengillik seziladi.

Surunkali sistit nimasi bilan xavfli?

Kasallikning takrorlanuvchi ikki fazasi mavjud:

• zo‘rayish fazasi;
• remissiya fazasi.

Zo‘rayish fazasi sistit simptomlarining paydo bo‘lishi va umumiy holatning yomonlashuvi bilan xarakterlanadi. Remissiya fazasida yengillik kuzatiladi, yallig‘lanish belgilari asta-sekin yo‘qoladi va organizm normal holatga qaytadi.

Afsuski, bu achchiq haqiqat: kasallangan ayol har doim ham tibbiy yordamga murojaat qilmaydi.

Ayol simptomlarga chidashni afzal ko‘radi yoki undan battari – internetda juda ko‘p uchraydigan xalqona davolash usullarini qo‘llaydi. Zo‘rayish o‘tib ketadi – bu qonuniyat – uning o‘rniga remissiya boshlanadi, va ayol keyingi safar ham aynan shu davolash usulini tanlaydi.

Biroq to‘g‘ri davolash bo‘lmasa, kasallik kuchayadi, zo‘rayish fazalari tobora tez-tez takrorlanadi, remissiya davri esa qisqarib boradi. Yallig‘lanish kuchayadi va asta-sekin boshqa a’zolarni ham qamrab oladi.

Surunkali sistit ayolning hayot sifatini sezilarli darajada yomonlashtiradi: bu ijtimoiy aloqalarda, psixo-emotsional holatda, jinsiy munosabatlarda o‘z aksini topadi. Kasallik uyqu buzilishlariga sabab bo‘lishi va hatto depressiyaga olib kelishi mumkin. Kasallik jiddiy ko‘rinmasligi mumkin bo‘lsa-da, uni o‘z vaqtida davolash juda muhimdir.

Infeksion tabiatga ega surunkali sistit asoratlari yuqoriga ko‘tariluvchi infeksiya (pielonefrit) va buyraklarning zararlanishida ifodalanadi. Siydik pufagida uzoq davom etgan yallig‘lanish natijasida uning shilliq qavatida doimiy o‘zgarishlar (leykoplakiya turida) rivojlanishi mumkin, bu esa o‘z navbatida onkologik holatlarga predispozitsiya hisoblanadi.

Bundan tashqari, siydik pufagi sig‘imi kamayishi ehtimoli ham mavjud.

Kasallikning rivojlanish omillari va uning shakllari

Surunkali sistitning ikki shakli rasmiy ravishda tan olingan:
• interstitsial;
• boshqa surunkali shakl.

Bu klassifikatsiya kasallik rivojlanishiga ta’sir qiluvchi barcha omillarni to‘liq aks ettirmaydi, shu bois mutaxassislar amalda eng ko‘p uchraydigan omillarni alohida ajratib ko‘rsatadilar. Aynan mana shu omillar surunkali sistitni davolash imkoniyatlarini belgilaydi: agar kasallikning takroriy holatlariga olib kelgan sabab to‘g‘ri aniqlansa, davolash ham samarali bo‘ladi.

Anatomik xususiyatlar

Ayollarda tashqi jinsiy a’zolarning tuzilishidagi ayrim o‘zgarishlar surunkali sistit rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Asosiy variantlar quyidagilardan iborat:
• Vaginal ektopiya – bu holatda siydik chiqarish yo‘lining tashqi teshigi odatdagidan pastroq joylashgan bo‘ladi, ko‘pincha qin chegarasida. Bu jinsiy aloqa vaqtida qindan siydik chiqarish yo‘liga patogen mikroflora doimiy kirib borishiga olib keladi.
• Uretraning gipermobilligi – bu holatda siydik chiqarish yo‘li haddan tashqari harakatchan bo‘ladi va uning teshigi qinga juda yaqin joylashgan bo‘ladi. Gipermobillik odatda chandiqlar (spayka) bilan bog‘liq bo‘ladi.

Anatomik xususiyatlar tufayli yuzaga kelgan surunkali sistit an’anaviy usullar bilan davolanmaydi. Aynan shuning uchun ayolda bunday xususiyatlar borligini aniqlash juda muhimdir.

Ularni aniqlash faqatgina ginekologik kresloda mumkin. Ginekolog tashqi jinsiy a’zolar tuzilishini diqqat bilan tekshiradi va o‘z taxminini tasdiqlash uchun ayrim amallarni bajaradi.

Kasallik og‘irligi, zo‘rayish chastotasi va boshqa omillarga qarab, surunkali sistit dori-darmon bilan yoki anatomik nuqsonni bartaraf etish uchun jarrohlik yo‘li bilan davolanadi. Odatda operatsiya asoratlarsiz o‘tadi va ayol surunkali sistit bilan butunlay xayrlashishi mumkin bo‘ladi. Ammo jarrohlik davolash usuli dori-darmon terapiyasi imkoniyatlari tugagan hollarda tanlanadi.

So‘nggi holatda, dori-darmon variantlaridan biri sifatida, jinsiy aloqadan so‘ng darhol qisqa muddatli antibiotik kursi tayinlanadi. Bunday yondashuv tufayli bakteriyalar antibiotiklarga o‘rganib qolmaydi va patogen mikroorganizmlarning ko‘payishi oldi olinadi.

Ginekologik patologiyalar

Surunkali sistitdan aziyat chekayotgan ayol uchun ginekologga murojaat qilish zarur bo‘lgan yana bir sabab – bu reproduktiv tizim kasalliklaridir. Ayniqsa, ularning surunkali shakliga o‘tib ketganlari xavfli hisoblanadi. Bunday holatlarda qin mikroflorasi patogen mikroorganizmlar bilan to‘yingan bo‘ladi va ular hech qanday to‘siqlarsiz siydik chiqaruv yo‘li va pufagiga kirib boradi.

Surunkali sistit qaytalanadigan holatlarda ayollarning uchdan ikki qismi bachadon va uning qo‘shimchalaridagi yallig‘lanish jarayonlari, bakterial vaginoz, kandidozli kolpit, vaginit kabi kasalliklardan aziyat chekadi. Menopauza davrida bo‘lgan ayollarda esa surunkali sistit belgilari gormonal fonning pasayishi va qin epiteliysi bilan bog‘liq muammolar bilan yuzaga keladi.

Gormonal fon buzilishi

Surunkali sistit epizodlarining qayta-qayta takrorlanishida gormonal fon buzilishlari katta rol o‘ynaydi. Asosiy sabablari quyidagilar bo‘lishi mumkin:
• Menopauza davrida estrogen darajasining pasayishi;
• Ginekologik operatsiyalar natijasida gormonlar darajasidagi o‘zgarishlar;
• Gormonal kontratseptivlarni qabul qilish – bu asosan yosh ayollarga tegishlidir.

Xavf guruhiga kiruvchi bemorlarga gormonlar darajasini aniqlash uchun tahlillar topshirish tavsiya etiladi. Agar gormonal fon buzilgan bo‘lsa, davolash sxemasiga gormonal preparatlar kiritiladi. Davolash samarasini tekshirib borish uchun natijalarni doimiy ravishda kuzatib borish lozim.

Jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar

Ilmiy jihatdan isbotlangan: jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar (JYYI) surunkali sistitning keyingi rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. So‘nggi yillarda JYYI “yoshargan” bo‘lib, bu qizlar orasida erta jinsiy hayot boshlanishi (14–16 yosh) bilan bog‘liq. Bachadon bo‘yni bu yoshda hali jinsiy aloqaga tayyor emas, u oson jarohatlanadi, shuningdek, bu jarohatlar orqali infeksiya bemalol organizmga kiradi.

Ayollardagi siydik-jinsiy tizim infeksiyalari – ya’ni urogenital infeksiyalar, aksariyat hollarda simptomsiz kechadi va davolanmagan holda ayol organizmiga qaytarilmas zarar yetkazadi.

Masalan, ureaplazma, mikoplazma, xlamidiya, gonoreya kabi infeksiyalar mavjud bo‘lishi belgilaridan biri aynan surunkali sistit bo‘lishi mumkin.

Ushbu infeksiyalar mavjudligini quyidagi belgilarga ko‘ra gumon qilish mumkin:

• Kasallik ikki yildan ortiq davom etadi;
• Siydik chiqarish tez-tezligi faqat avj olish fazalarida emas, balki ular orasidagi davrlarda ham kuzatiladi;
• Qovuq sohalarda, uretra va qin sohalarida doimiy og‘riqlar mavjud;
• Antibiotiklarni qabul qilish samarasiz bo‘ladi.

Davolanmagan JYYI – bu infeksiya uchun doimiy o‘choq bo‘lib, birinchi navbatda ular bilan kurashish zarur. Odatda, JYYI-ni davolash surunkali sistitdan ham qutulishga yordam beradi.

Psixologik muammolar

Surunkali sistitning ba’zi turlari mavjudki, ular urologik buzilishlar bilan bog‘liq emas. Bunda yuqorida tilga olingan og‘riqli siydik pufagi sindromi yoki interstitsial sistit nazarda tutiladi. Uning aniq sabablari hanuz noma’lum bo‘lib, shifokorlar u psixologik omillar ta’sirida yuzaga kelishini taxmin qilishadi.

Ushbu holat ba’zi turmush tarziga ega odamlar orasida kuchayib borishi kuzatilgan, masalan, uzoq vaqt o‘tirish. Shuningdek, sitrus mevalar, pomidor, achchiq ovqatlar, qahva va alkogol iste’moli avj olishga sabab bo‘ladi. Jinsiy aloqa ham og‘riq va siydikka tez-tez chiqish istagini kuchaytirishi mumkin.

Mutaxassislarning kuzatishicha, bu sindrom ko‘pincha surunkali og‘riq sindromi, fibromialgiya va bezovta ichak sindromi (BIS) bilan birga kuzatiladi.

Yallig‘lanish infeksiyalari va siydik chiqarish tizimida tasdiqlangan buzilishlar mavjud bo‘lmasa-da, bu kasallikni albatta davolash lozim, chunki u hayot sifatini jiddiy yomonlashtiradi.

Diagnostika

Qabul batafsil so‘rovdan boshlanadi. Shifokor albatta quyidagilarni so‘raydi:

• Jinsiy hayot qaysi yoshda boshlangan?
• So‘nggi vaqtlarda qancha jinsiy hamkor bo‘lgan va ular qanchalik tez-tez almashgan?
• Amalga oshirilgan har qanday operatsiyalar yoki ichki manipulyatsiyalar bo‘lganmi?
• Xronik kasalliklar, ayniqsa ginekologik kasalliklar mavjudmi?
• Qin mikroflorasi bilan bog‘liq buzilishlar hozir yoki ilgari bo‘lganmi?

Keyingi bosqich, katta ehtimol bilan, kresloda ko‘rik bo‘ladi, chunki bu o‘xshash simptomlarga ega bo‘lgan ginekologik patologiyani istisno qilish imkonini beradi. Boshqa tekshiruvlarni tayinlashdan oldin shifokor ginekologning xulosasiga ega bo‘lishi kerak. Kresloda tashqi jinsiy a’zolar tuzilmasida ehtimoliy anatomik og‘ishlar tekshiriladi.

Ko‘rinadigan patologiyalar bo‘lmasa, jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infektsiyalar (JYYI)ga test tayinlanadi. Agar yashirin infektsiyalar aniqlansa, ularni davolash zarur.

Shifokor zarur laborator va instrumental tadqiqot usullarini tayinlaydi, jumladan umumiy siydik tahlili va floraga ekish hamda antibiotiklarga sezuvchanlikni aniqlash.

So‘nggi tahlil barcha holatlarda majburiydir, u yallig‘lanish tabiatini aniqlash imkonini beradi. Infeksion sistitda qo‘zg‘atuvchilar aniqlanadi, sezuvchanlik spektri esa shifokorga xronik sistit uchun to‘g‘ri antibakterial preparatlarni tanlashga yordam beradi.

Xronik sistitda majburiy tekshiruvlar ro‘yxatiga buyraklar va siydik pufagining UTT (ultratovush tekshiruvi) kiradi. UTT siydik pufagi hajmi va devorlarining tuzilishini tez va aniq baholash, toshlar, o‘smalar va boshqa patologiyalarni ko‘rish imkonini beradi. Ushbu usul yordamida siydik pufagining funksiyasi ham baholanadi – qolgan siydik hajmi aniqlanadi.

Shifokor ko‘pincha sistoskopiyani tayinlaydi, ayniqsa xronik sistitda. Jarayon sistoskop yordamida siydik chiqaruv kanaliga asbob kiritib, organni ichkaridan vizualizatsiya qilishni nazarda tutadi. Bu yallig‘lanishni baholash, yangi hosilalarni va boshqa patologiyalarni aniqlash, biopsiya – laboratoriya tadqiqi uchun to‘qima namunasi olish imkonini beradi.

Ayollarda surunkali sistitni davolash

Infeksion tabiatga ega surunkali sistitni davolash antibakterial preparatlar va fitoterapiya vositalari yordamida amalga oshiriladi. Preparatlarni tanlashda antibiotiklarga sezuvchanlik bo‘yicha tekshiruv natijalari hisobga olinadi.

Agar shifokor uzoq muddatli (7 kundan ortiq) kursni tayinlagan bo‘lsa, xavotirga o‘rin yo‘q. Infeksiya qo‘zg‘atuvchisi nafaqat siydik chiqarish yo‘llarida, balki butun organizmda yo‘q qilinishi kerak, bu qaytalanish ehtimolini minimallashtirishga xizmat qiladi.

Asosiy davolash kursiga qo‘shimcha ravishda o‘simlik preparatlari tayinlanadi. Shuningdek, davolovchi shifokor tomonidan belgilangan fizioterapiya ko‘rsatiladi.

Agar ayolda surunkali sistit jinsiy yo‘l infeksiyasi bilan birgalikda bo‘lsa, antibiotiklar tanlanayotganda ham siydik, ham jinsiy tizim infeksiyalarini birgalikda davolash imkonini beradigan dorilar tanlanadi.

Tashqi jinsiy a’zolar tuzilishidagi o‘ziga xosliklar bilan bog‘liq ayollarda surunkali sistitni davolash bir oz farq qiladi. Agar kasallik anatomik og‘ishlar tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa va dori vositalari foyda bermagan bo‘lsa, jarrohlik aralashuvi tavsiya etiladi. Bu spaykalarni kesish yoki siydik chiqaruv kanalining tashqi teshigining joylashuvini jarrohlik yo‘li bilan to‘g‘rilashni o‘z ichiga olishi mumkin. Odatda, jarrohlik amaliyoti ayollarga surunkali sistitdan butunlay qutulishga yordam beradi.

Og‘riqli siydik pufagi sindromi holatida dori vositalari kutilgan natijani bermaydi. Ushbu kasallik shakli antidepressantlar bilan davolanadi, bu holatda parhezga rioya qilish tavsiya etiladi. Maxsus mashqlar va psixoterapiya keng qo‘llaniladi.

Agar immunitet barqaror ravishda pasaygan bo‘lsa, immunomodulyatorlar bilan davolash o‘tkaziladi, zarurat bo‘lsa, vitaminlar tayinlanadi.

Agar gormonal fon buzilishi aniqlansa, gormonal terapiya tanlanadi. Preparatlar bemorning yoshi va tekshiruvlar natijasida aniqlangan aniq muammolarga qarab tanlanadi.

Albatta, o‘simlik diuretiklari – siydik chiqarishga yordam beruvchi preparatlar – tayinlanadi.

Eng mashhur vosita bu – Kanefron® N bo‘lib, bu siydik yo‘llari kasalliklarini davolashda isbotlangan samaradorlikka ega kombinatsiyalangan o‘simlik preparatidir.

Uning tarkibiga zubturum, lyubistok hamda rozmarin kiradi. Ichish uchun tomchilar va tabletkalar shaklida mavjud bo‘lgan bu Germaniya preparati antibiotiklar ta’sirini kuchaytiradi, infeksiya qaytalanishlarining sonini kamaytirishga yordam beradi, spazmolitik, yengil diuretik, mikroblarga qarshi va yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega.

Infeksion bo‘lmagan sistitda siydik pufagi devorlarining qon aylanishini yaxshilash uchun intravezikal lazeroterapiya qo‘llanilishi mumkin. Ushbu protsedura shilliq qavat yaxlitligini tiklashga yordam beradi. Gormonal komponentlar bilan, shu jumladan eritmalar bilan pufak ichiga instillyatsiyalar ham o‘tkazilishi mumkin.

Dorisiz davolash usullari orasida gigiyena odatlari va jinsiy xatti-harakatlarni to‘g‘rilash kiritiladi. Ba’zi hollarda xulq-atvor terapiyasi, botulinoterapiya va boshqa usullar dolzarb bo‘ladi.

Profilaktika

Surunkali sistitning oldini olish, avvalo, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishdan iborat. Ayniqsa, hojatxonadan keyin to‘g‘ri chayinish va artinish juda muhim ahamiyatga ega. Bu harakat oldindan orqaga qarab amalga oshiriladi, bu esa to‘g‘ri ichak va qin tarkibining siydik yo‘liga tushishini istisno qiladi. Agressiv yuvish vositalaridan foydalanmaslik, balki issiq suv va intim gigiyenaga mo‘ljallangan maxsus vositalarni tanlash tavsiya etiladi.

Jinsiy aloqadan oldin va undan keyin, ayniqsa jinsiy faollik yuqori bo‘lganda, har ikkala sherik ham tashqi jinsiy a’zolar gigiyenasini to‘liq bajarishi shart. Biroq, ichki yuvinish (sprinsevaniya) tavsiya etilmaydi – bu usul befoyda hisoblanadi, va agar noto‘g‘ri bajarilsa, hatto zarar yetkazishi mumkin. Shuningdek, jinsiy aloqadan keyin ayollarga siyish tavsiya etiladi.

Umuman olganda, siyish rejimi shunday yo‘lga qo‘yilishi kerakki, kun davomida kamida 6–8 marta siydik chiqarish amalga oshirilishi lozim. Tunda uxlash vaqtidan tashqari, hojatxonaga borish orasidagi oraliqlar juda katta bo‘lmasligi kerak.

Surunkali sistitdan aziyat chekayotgan bemorlar kuniga kamida 2,5 litr suyuqlik ichish tartibiga amal qilishlari kerak. Ichimlik tanlovida cheklov yo‘q, lekin gazlangan ichimliklar, qahva va nordon sharbatlardan ortiqcha foydalanish tavsiya etilmaydi. Spirtli ichimliklar esa butunlay chiqarib tashlangan bo‘lishi kerak.

Shuningdek, chiqarilayotgan siydik hajmini diqqat bilan kuzatish muhim: agar chiqarilgan siydik hajmi ichilgan suyuqlikdan ancha kam bo‘lsa, shifokorga murojaat qilish zarur.

To‘g‘ri ovqatlanish katta ahamiyatga ega. Kundalik ratsionda o‘tkir, qovurilgan va achchiq taomlar bo‘lmasligi lozim. Sitrus mevalar va pomidorlar ratsiondan chiqarib tashlanishi kerak, chunki ular siydik pufagini tirnashi va kasallikning yana kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Ishlash va dam olishning muvozanatli almashinuvi surunkali sistitning kuchayish sonini kamaytirishga va immunitetni oshirishga yordam beradi.

Yaxshi ob-havo sharoitida sayr qilish foydali, ammo tanani sovuq qoldirmaslik muhim – bu infeksiyani keltirib chiqaruvchi omil bo‘lishi mumkin. Sistit qaytalanib turgan davrda faol sport turlari bilan shug‘ullanish tavsiya etilmaydi, biroq yoga yoki stretching mashg‘ulotlari juda foydalidir.

Immunitetni mustahkamlash va qaytalanish holatlarini kamaytirishda Kanefron® N dori vositasi samarali hisoblanadi, u surunkali infeksiyalar bilan kurashishda juda yaxshi natijalarni ko‘rsatadi. Preparatni remissiya (tinch davr) davrlarida qabul qilish orqali barqaror terapevtik ta’sirga erishish mumkin. Kanefron® N uzoq muddatli qabul qilish uchun ruxsat etilgan, asosiy shart – shifokor belgilagan rejimga qat’iy rioya qilishdir.

Adabiyotlar ro‘yxati

• Яковец Е. А., Монастырева К. А., Чудновец И. Ю., Трутнев В. П. Сравнительная оценка эффективности лечения пациенток с хроническим рецидивирующим циститом, осложненным инфекцией мочевыводящих путей // Фармакология & Фармакотерапия. — 2023. — № 1. — С. 66–69.
• Трухан Д. И., Филимонов С. Н., Тарасова Л. В. Клиника, диагностика и лечение основных заболеваний почек и мочевых путей. — Новокузнецк: «Полиграфист», 2014.
• Тюзиков И. А., Калинченко С. Ю. Эндокринологический аспекты хронического цистита у женщин // Экспериментальная и клиническая урология. — 2016. — № 3. — С. 120–126.