Sistit haqida barcha ma’lumot
Sistit – bu siydik pufagi shilliq qavatining yallig‘lanishidir. Ushbu kasallikka barcha duchor bo‘lishi mumkin, ammo statistika ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar unga ko‘proq chalinadi. Bu ayol jinsiy-siydik tizimining anatomik tuzilishi, ya’ni uretra (siydik chiqarish yo‘li) va uning joylashuvi bilan bog‘liq. Ayol uretrasi erkaknikiga qaraganda qisqaroq va kengroq bo‘lib, tabiiy bakterial rezervuarlar – qin va to‘g‘ri ichak bilan yaqin joylashgan. Bu bakteriyalarning siydik chiqarish yo‘li va siydik pufagiga kirishini osonlashtiradi va takroriy infeksiyalarga olib kelishi mumkin.
Sistit turlari
Kasallikning kechish xususiyatiga qarab, uni o‘tkir va surunkali (qaytalanuvchi) sistit deb ajratishadi. Birinchi holatda – birinchi marta yuzaga kelgan yallig‘lanish haqida so‘z boradi. Surunkali sistit esa, agar infeksiya bir yil davomida uch martadan ortiq yoki olti oy ichida ikki martadan ko‘p takrorlansa, tashxislanadi. Surunkali sistit remissiya (sokin davr) yoki zo‘rayish bosqichida bo‘lishi, yashirin yoki aniq ko‘rinishda kechishi mumkin.
Sistit shuningdek, murakkablashmagan va murakkab ko‘rinishlarda bo‘ladi. Murakkablashmagan sistit — homilador bo‘lmagan ayollarda, siydik chiqarish yo‘llarida tuzilmaviy o‘zgarishlar yoki boshqa tizimlar bilan bog‘liq kasalliklar mavjud bo‘lmagan holatlarda rivojlanadi. Murakkab sistit esa yuqoridagi xavf omillari mavjud bo‘lgan ayollar va bolalarda tashxislanadi. Erkaklar va homilador ayollar holatida sistit avtomatik ravishda murakkab deb hisoblanadi.
Shuningdek, patogen mavjudligi va xususiyatlariga qarab quyidagi turlar farqlanadi:
• Infeksion sistit – bakteriyalar, viruslar, zamburug‘lar yoki parazitlar bilan bog‘liq;
• Noinfeksion sistit – allergik reaksiyalar, nurlanish, asab tizimi kasalliklari, dori vositalari yoki boshqa omillar bilan bog‘liq.
Morfologik o‘zgarishlarga qarab esa quyidagi turlar mavjud: kataral, interstitsial, yarali, gangrenoz, o‘smali va gemorragik sistit.
Sistit sabablari
Sistit rivojlanishining ko‘plab sabablari mavjud, ammo aksariyat holatlarda bu shartli-patogen mikrofloraning ko‘payishi natijasida yuzaga keladi. O‘tkir sistit bilan og‘rigan bemorlarning ¾ qismida yallig‘lanish sababi ichak tayoqchasi hisoblanadi. Qolganlarida esa, asosan stafilokokk yoki klebsiella aniqlanadi.
Yallig‘lanish jarayonini oddiy bir hujayrali organizmlar (masalan, trixomonadalar), viruslar va zamburug‘lar hamda umumiy yoki lokal immunitetning pasayishi (masalan, sovqotish) keltirib chiqarishi mumkin. Ko‘pincha siydik pufagi shilliq qavati yuqoriga ko‘tariluvchi infeksiya bilan yallig‘lanadi – patogen yoki shartli-patogen mikroflora uretradan kiradi. Kamdan-kam hollarda bu pastga tushuvchi yo‘l orqali, ya’ni buyraklardagi yallig‘lanish natijasida bo‘ladi. Yana kam hollarda infeksiya boshqa organlardan tarqaladi.
Mikroorganizmlarning siydik pufagiga kirishiga quyidagi xavf omillari sabab bo‘lishi mumkin:
• jinsiy a’zolar va siydik yo‘llaridagi yallig‘lanishlar;
• uretrani jarohatlovchi invaziv muolajalar (masalan, sistoskopiya);
• noto‘g‘ri yuvinish – orqadan oldinga yo‘nalishda;
• jinsiy infeksiyalar profilaktikasining yo‘qligi, haddan tashqari faol jinsiy hayot;
• siydik chiqarishning kamligi;
• siydik yo‘llarining anatomik yoki tuzilmaviy xususiyatlari, masalan, uretra strikturasi (torayishi).
Bundan tashqari, siydik-tosh kasalligi, allergik reaksiyalar, autoimmun, endokrin, nevrologik va boshqa hamroh kasalliklar sistit rivojlanishiga zamin yaratishi mumkin.
Sistitni aniqlash: qaysi shifokorga murojaat qilish kerak
Sistitni aniqlash qiyin emas – hatto dastlabki belgilari ham ancha yaqqol namoyon bo‘ladi.
Odatda quyidagilar kuzatiladi:
• siyish paytida og‘riq (o‘tkir og‘riq va achishish);
• tez-tez siyishga undovchi istaklar;
• siydik pufagida spazm va noqulaylik hissi;
• siydik loyqa tusga kiradi, ba’zida qon aralashgan bo‘ladi.
Ko‘pincha siydik pufagi to‘liq bo‘shamayotgandek tuyuladi, siyish oxirida achishish bo‘ladi.
O‘tkir sistitda tana harorati biroz ko‘tarilishi, umumiy holat yomonlashishi mumkin.
Yallig‘lanish belgilarining ko‘pchiligi uyqu sifatining pasayishiga olib keladi – bu esa jizzakilik, charchoq va ruhiy tushkunlikni keltirib chiqaradi.
Ayollar va erkaklarda sistitni urolog davolaydi. Bundan tashqari, terapevt yoki umumiy amaliyot shifokoriga murojaat qilish ham mumkin. O‘tkir, murakkablashmagan sistitni aniqlash uchun odatda bemorning shikoyatlari va umumiy siydik tahlili kifoya qiladi. Qaytalanadigan infeksiya holatlarida esa, shifokor to‘liq laborator va instrumental tekshiruvlar tayinlashi mumkin.
Ayollarda, shuningdek, jinsiy tizim kasalliklarini istisno qilish muhim – chunki bu kasalliklar sistitga o‘xshash simptomlarga ega bo‘lib, uni qayta-qayta qo‘zg‘atishi mumkin. Bunday holatda ayol ginekologga yo‘naltiriladi.
Qaytalanuvchi sistitda shifokor umumiy siydik tahlili va siydikning bakterial ekinini, antibiotiklarga sezuvchanligini aniqlash uchun test buyuradi. Bu yallig‘lanish sababchisi bo‘lgan mikroorganizmlarni aniqlab, aynan ularga ta’sir qiluvchi antibiotiklarni belgilash imkonini beradi.
Ultratovush tekshiruvi (UZI) orqali shifokor o‘smalarni va toshlarni istisno qiladi, yallig‘lanish bor-yo‘qligini aniqlaydi, siydik pufagining holatini baholaydi. Tez-tez qaytalanuvchi sistitda ko‘plab hollarda sistoskopiya qo‘llaniladi. Bu muolajada siydik pufagini ko‘rish uchun maxsus asbob kiritiladi va zarurat bo‘lsa, biopsiya (shilliq qavatdan namuna olish) ham amalga oshiriladi. Bu yallig‘lanishning morfologik shaklini aniqlashga yordam beradi.
Qo‘shimcha tekshiruvlar qaytalanuvchi sistitda, shuningdek, o‘xshash simptomli yoki birga kechuvchi kasalliklar gumoni bo‘lsa buyuriladi. Masalan, o‘sma jarayoni gumoni mavjud bo‘lsa.
Sistitni davolash
Shifokor sistit turiga va shakliga qarab davolash usullarini belgilaydi. Har qanday holatda ham davolashning asosi – parhez. Achchiq, yog‘li ovqatlar, spirtli ichimliklar, qahva va kuchli choyni iste’mol qilishdan voz kechish lozim. Suv ichish miqdorini oshirish va tez-tez siyishga harakat qilish kerak.
Simptomatik davo sifatida spazmolitik va og‘riq qoldiruvchi dori vositalari qo‘llaniladi. Asosiy davolash esa turli dori vositalaridan iborat bo‘lishi mumkin.
Antibakterial davo – aksariyat hollarda, ya’ni bakterial kelib chiqishli sistitda zarur bo‘ladi.
Antibiotikni faqat shifokor buyurishi kerak, chunki siydik yo‘llariga ta’sir qiluvchi mikroorganizmlarning ko‘pi ma’lum dorilarga nisbatan chidamli hisoblanadi.
O‘tkir sistitda davolash kursi odatda 5 kungacha, surunkalisi esa 10 kungacha davom etadi.
Shifokor, shuningdek, uroseptiklar, kombinatsiyalangan preparatlar va fitopreparatlarni tavsiya qilishi mumkin.
Masalan, Germaniyada ishlab chiqarilgan Kanefron® N preparati antibiotikoterapiyani mukammal to‘ldiruvchi vosita hisoblanadi. Bu o‘simlik asosidagi kombinatsiyalangan dori vositasi bo‘lib, samaradorligi isbotlangan. U antibiotiklarning ta’sirini kuchaytiradi va infeksiyaning qaytalanishini kamaytiradi.
Tabiiy vosita bo‘lgan Kanefron® N yallig‘lanishga qarshi, spazmni bartaraf etuvchi, siydik haydovchi va mikroblarga qarshi ta’sir ko‘rsatadi. U har qanday antibakterial preparatlar bilan mos keladi, homiladorlikda, 1 yoshdan boshlab bolalarda va keksa yoshdagilarda qo‘llash mumkin. Retseptsiz sotiladi. Ikki shaklda chiqariladi: tomchilar va tabletkalar.
Sistitni davolashda mahalliy muolajalar – siydik pufagiga dorivor eritmalar yuborish (instillyatsiyalar) ham qo‘llanilishi mumkin. Bu muolajalar faqat tibbiy muassasada va qat’iy ko‘rsatmalar bo‘yicha o‘tkaziladi. Ikkinchi darajali infeksiyalar oldini olish uchun, hech qanday asos bo‘lmasa, kateter qo‘yilmaydi.
Murakkab davolashda fizioterapiya va davolovchi jismoniy mashqlar (LFK) ham ishlatiladi, ammo bu muolajalar faqat o‘tkir simptomlar bartaraf etilgandan keyin o‘tkazilishi mumkin.
Sistitning oldini olish
Sistitning oldini olishning asosi – shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish va suv ichish rejimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishdir (kuniga kamida 2,5 litr suyuqlik ichishga harakat qilish lozim). Quyidagilarga e’tibor qaratish muhim:
• Tana sovib ketishidan saqlanish;
• Jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalarni oldini olish choralarini ko‘rish;
• Siypik pufagini o‘z vaqtida bo‘shatish;
• Siydik chiqarish va jinsiy a’zolar bilan bog‘liq kasallik alomatlari paydo bo‘lishi bilan darhol shifokorga murojaat qilish.
Qaytalanuvchi sistit bilan og‘rigan bemorlarda profilaktika chorasi sifatida Kanefron® N dorisini shifokor ko‘rsatmasi bilan qabul qilish mumkin. Bu tabiiy o‘simlik asosidagi preparat kompleks ta’sirga ega bo‘lib, yallig‘lanish kasalliklari takrorlanishining oldini oladi va toshlar (konkrementlar) hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Davolanmagan sistitning oqibatlari
Sistit keng tarqalgan va noqulay kasallik sifatida qaraladi, shu sababli ko‘pchilik uni xavfli emas deb hisoblaydi. Biroq, bu noto‘g‘ri fikr. Siydik pufagi shilliq qavatining yallig‘lanishi nafaqat hayotni noqulay qiladi, balki jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin.
• Shifokor yordami vaqtida ko‘rsatilmasa, infeksiya yuqoriga tarqalib, pyelonefrit (buyrak yallig‘lanishi) rivojlanadi.
• O‘tkir sistitga e’tiborsizlik qilish natijasida kasallik surunkali tusga o‘tadi va siydik pufagining shilliq qavati doimiy o‘zgarishga uchraydi. Bu esa jarrohlik aralashuviga olib kelishi mumkin.
• Yallig‘lanish oqibatida quyidagi asoratlar yuzaga kelishi mumkin: toshlar hosil bo‘lishi; siydikni tuta olmaslik (enurez) va giperaktiv siydik pufagi sindromi.
Shuning uchun, sistit belgilari paydo bo‘lishi bilan darhol shifokorga murojaat qilish, u tavsiya qilgan muolajalarga qat’iy rioya qilish va takrorlanishining oldini olish choralarini ko‘rish nihoyatda muhimdir.
Adabiyotlar ro‘yxati
• Стрельцова О. С., Крупин В. Н. Хронический цистит: новое в диагностике и лечении // Лечащий врач. — 2008. — № 7. — С. 18–24.
• Перепанова Т. С. Инфекции почек и мочевыводящих путей: современные подходы к терапии // Фарматека. — 2004. — № 82 (3–4). — С. 16–21.
• Лоран О. Б., Синякова Л. А., Косова И. В. Рецидивирующие инфекции мочевых путей. Алгоритм диагностики и лечения: Пособие для врачей. — М.: ООО «Медицинское информационное агентство», 2008.
